The Search
Kioto
Kioto — Yaponiyadagi shahar. Xonsyu orolida, Kioto prefekturasining maʼmuriy markazi. Aholisi 1 464 890 kishi (2020). Kioto 792—794-yillarda qurilgan va 1192-yilgacha Xeyan deb atalgan. 1868-yilgacha mamlakatning rasmiy poytaxti va yapon imperatorlarining qarorgohi, muhim savdo shahri boʻlgan. Kioto — transport yoʻllari tuguni. Kema qatnaydigan kanal orqali Biva koʻli bilan bogʻlangan. Mamlakatning muhim iqtisodiy, madaniy, tarixiy va diniy markazi. Mashinasozlik va rangli metallurgiya sanoati rivojlangan. Toʻqimachilik, tikuvchilik, elektrotexnika, oziq-ovqat, oyna-keramika sanoati korxonalari bor. Hunarmandchilikda shoyi toʻqish, chinni va bronzadan badiiy buyumlar, diniy marosim ashyolari tayyorlashning qad. markazi. Yaponlarning kad. budda ibodatxonalari, muqaddas joylar, saroylar, bogʻ koʻp. Kiotoda Yaponiyadagi 2 ta eng qadimgi universitet, tibbiyot akademiyasi, amaliy sanʼat oʻquv yurti, kutubxonalar, muzeylar, botaniqa bogʻi bor. Xalqaro turizm markazlaridan. Meʼmoriy yodgorliklardan Todzi ibodatxonasi, Sayxodzi, Tenryudzi, Ryoandzi monastirlari, imperator saroyi majmuasi va boshqa saqlangan. Ular meʼmorlikdagi yangi yoʻnalish asosida oʻziga xos milliy uslubda, ichki bezagida yogʻoch oʻymakorligi, kandakorlik, naqqoshlikdan foydalanib barpo etilgan. Zamonaviy inshootlardan „Kioto kaykan“ shahar madaniyat markazi, xalqaro majlislar zali va boshqa qurilgan. Kioto yaqinida Uidzida Feniks ibodatxonasi joylashgan.
Wikipedia · CC BY-SA
kioto — Kioto — Yaponiyadagi shahar.
dictionary.aplusz.app